logo

Yangi Avtomobil Kafolati

YANGI AVTOMOBIL KAFOLATI

 Ishlab chiqaruvchi avtomobil egasiga, uning tomonidan sotib olingan avtomobil sifatiga oid qat'iy talablarga muvofiq ishlab chiqarilgan va tekshiruvdan o’tganligini kafolatlaydi. Shuning uchun kafolat davrida avtomobilning nosozligi yuzaga kelganda, avtomobillarni sotish va ularga xizmat ko'rsatish uchun vakolatlangan diler, ushbu nosozlikni Siz tomondan detallar va ta'mirlash ishlarining qiymati to'lanmagan holda, quyidagi shartlar asosida bartaraf etishini kafolatlaymiz:

«GM O’zbekiston» AJ ning kafolati vakolatlangan dilerlar orqali sotilgan avtomobillar uchun amal qiladi va normal sharoitlarda foydalaniladigan avtomobillar uchun, avtomobilning o'z egasi tomonidan qabul qilingan kunidan boshlab, qaysi biri avvalroq kelishiga qarab, 12 oy yoki 20000 km o'tilgan yo'lni tashkil etadi. Kafolat majburiyatlari vakolatlangan dilerlar tomonidan bajariladi.

Kafolat da'volari ro'yxatga olingan vakolatlangan dilerga mazkur servis kitobchasi bilan birga, ko'rib chiqish uchun taqdim etilishi lozim.

Kafolat muayyan avtomobilga amal qiladi va shaxsan avtomobilning egasi bilan bog'liq bo'lmaydi. Kafolat davri davomida avtomobilning yangi egasi xuddi shunday kafolat huquqiga ega bo'ladi. Avtomobil sotilganda sotuvchi servis kitobchasini avtomobilning yangi egasiga berishi va avtomobilning yangi egasining ma'lumotlarini servis kitobchasiga kiritib, vakolatlangan dilerning muhrini qo'yishi lozim.

 

KAFOLAT SHARTLARI

1) Kafolat avtomobilning o'z egasi tomonidan qabul qilingan kunidan boshlab 12 oy davomida, shu davrda  bosib o'tilgan yo'l 20000 km dan oshmasligi hamda avtomobilga ilova qilingan aoydalanish qo'llanmasida bayon etilgan foydalanish va texnik qarov qoidalariga qat'iy rioya qilinganligi sharti bilan amal qiladi.

2) Kafolat talabi har qanday vakolatlangan dilerga zudlik bilan bildirilishi kerak. Dilerga avtomobil bilan birga Servis kitobchasi (avtomobilni sotgan, birinchi ro'yxatdan o'tishda vakolatlangan diler tomonidan to'ldirilgan, imzolangan va muhr qo'yilgan holda) topshirilishi lozim. Nosozliklarni bartaraf etish, ta'mirlash va davriy texnik xizmat ko'rsatish uchun avtomobil egasi o'z davlatidagi istalgan vakolatlangan dilerga murojaat qilishi mumkin.

3) Kafolatning shartlari amaldagi va bo'lg'usi qonunchilikka muvofiq qo'llanishi kerak. To'g'ri to'ldirilgan servis kitobchasini taqdim etish - kafolat talabini qabul qilishning zaruriy shartidir. Kafolat davrida nosozlikni bartaraf etish davomida vakolatlangan diler avtomobilning soz holatini tiklaydi. Asosiy kafolat ta'mirlash ishlari nosoz bo'lgan detalni ta'mirlash yoki almashtirish bilan cheklanadi. Nosozlik belgilari aniqlanganda, avtomobilning egasi kechikmasdan vakolatlangan dilerga kafolat  talabi bilan murojaat qilishi lozim.

Texnik nosoz bo'lgan avtomobildan foydalanish natijasida avtomobilning nosozligi yoki buzilishi bilan bog'liq bo'lgan barcha xavflar avtomobilning egasiga yuklanadi.

Kafolat ta'mirlashda o'rnatilgan detallarga, umuman, yangi avtomobilda amal qilgan kabi xuddi shunday kafolat amal qiladi (ya'ni, avtomobilning kafolati tugaganda, kafolat bo'yicha almashtirilgan detallarning kafolat muddati ham tugaydi), 11-bandida sanab o'tilgan komponentlar (asosiy agregatlar) bundan istisno. Bepul almashtirilgan detallar vakolatlangan dilerda qoladi.

4) Sizning avtomobilingizga o'rnatilgan shinalarga faqat shinalar ishlab chiqaruvchining kafolat majburiyatlari amal qiladi. Shinalarning kafolati haqidagi batafsil axborotni olish uchun, iltimos, mahalliy shinalar distrib’yutoriga murojaat qiling.

5) Siz kafolat huquqidan mahrum qilinasiz, agarda:

- Avtomobilga tavsiya etilganidan farqlanuvchi yonilg'i quyilib, undan foydalanilsa (foydalanish qo'llanmasida tavsiya etiladigan yonilg'i bo’limiga qarang);

- Avtomobil uchun foydalanish qo'llanmasida va servis kitobchasida ko'rsatilgan barcha muntazam tekshirishlar hamda reglament texnik xizmat ko'rsatish ishlari o'z vaqtida o'tkazilmasa, yoki  ushbu tekshirishlar vakolatlangan diler tomonidan bajarilmasa;

- Nosozlik avtomobildan noto'g'ri foydalanish, avariya, avtomobilning konstruksiyasiga o'zgartirishlarni kiritish yoki unga Ishlab chiqaruvchi tomonidan qo'shimcha jihozlar o'rnatilishi, avtomobilning qo'shimcha ishlov berilishi yoki jihozlanishi tufayli kelib chiqqan bo'lsa. Ishlab chiqaruvchi tavsiya etmagan avtomobilning elektron moslamalarining dasturiy ta'minotini o'zgartirish yoki modifikatsiyalash ham kafolat cheklanishiga olib keladi. (Agar nosozlik yuqoridagi holatlarga oid bo'lsa, kafolat avtomobilning yuqorida sanab o'tilgan harakatlar ta'sir etadigan qismi uchun bekor qilinadi.)

- Avtomobil poyga yoki sport musobaqalari uchun, yoki avtomobilni boshqarishga o'rgatish uchun ishlatilsa.

- Nosozlik tabiiy ofat yoki boshqa yengib bo'lmas kuchdagi holatlar (fors-major holatlari) oqibati bo'lsa.

- Avtomobilning identifikatsiyalash raqami (VIN) va/yoki dvigatel raqamini aniqlash mumkin emas, yoki ular servis kitobchasida ko'rsatilgan raqamlarga mos kelmasa.

 

Kafolat majburiyatlari quyidagi holatlarda amal qilmaydi: teshib o'tgan mexanik shikastlanish, yoki tashqi mexanik va/yoki kimyoviy ta'sir tufayli tabiiy shikastlanish, (masalan, organik, hayvon yoki organik o'simlik kelib chiqishdagi materiallarning ta'sirida, yo'l shag'ali, qum, sanoat ifloslanishlari ta'sirida va hokazo.)

6) kafolat davrida texnik xizmat ko'rsatish va ta'mirlash bajarilganda, faqat vakolatlangan dilerlardan sotib olingan firma belgisi ega asl ehtiyot qismlaridan foydalanish lozim.

7) Ishlab chiqaruvchining kafolat majburiyatlari quyidagi holatlarda amal qilmaydi:

- Agar avtomobil egasi vakolatlangan diler tomonidan texnik tekshirish paytida aniqlangan nosozlikni bartaraf etish uchun chora ko'rmasa, ta'mirlashni bajarish uchun murojaat qilmasa, agar sifatsiz ta'mirlash bajarilsa yoki mos kelmagan ehtiyot qismi o'rnatilgan bo'lsa, yoki ta'mirlash vakolatlangan diler bo'lmagan shaxs tomonidan bajarilgan bo'lsa.

- Ta'mirlash yoki texnik xizmat ko'rsatish dilerlik tarmog'iga tegishli bo'lmagan diler tomonidan bajarilgan bo’lsa.

- Avtomobilga Ishlab chiqaruvchi tomonidan ma'qullanmagan detallar yoki anjomlar o'rnatilsa, yoki avtomobilga Ishlab chiqaruvchi tomonidan ma'qullanmagan qo'shimcha ishlov berilgan, shu jumladan (lekin bu bilan cheklanmagan holda) korroziyaga qarshi ishlov berish yoki avtomobil tomida tuynuk, tirkama ulash yoki konditsionirlash tizimi kabi anjomlarni o'rnatish.

- Foydalanish qo'llanmasida keltirilgan foydalanish, texnik qarov va texnik xizmat ko'rsatish bo'yicha tavsiyalarga amal qilinmagan bo'lsa, yoki servis kitobchasida sanab o'tilgan muntazam tekshirishlar to'liq bajarilmagan yoki tegishli tarzda tasdiqlanmagan bo'lsa. Avtomobil egasi avtomobil yetkazib berilganda sezilgan nuqson, yoki keyinchalik aniqlangan nuqson haqida darhol bildirmagan bo'lsa, va aniqlangan nuqsonni tuzatish uchun darhol vakolatlangan dilerga murojaat qilmagan bo'lsa.

- Avtomobil egasi foydalanish qo'llanmasida ko'rsatilmagan, tegishli sifatga ega bo'lmagan moylash materiallari, yonilg'i yoki boshqa texnik suyuqliklardan foydalansa.

- Transport vositasining tabiiy turdagi eskirish* ta'siriga moyil bo'lgan maxsus tarkibiy qismlari (tarmoqlari va agregatlari) bo'yicha avtomobilning birinchi xaridorga topshirilgan kunidan ko'pi bilan 3 oy yoki 2000 km bosib o'tilgan yo'l (qaysi biri avvalroq yuz berishiga qarab) kafolat muddati belgilanadi.

1. filtrlar;

2. tormoz kolodkalari;

3. tormoz disklari va barabanlari;

4. ilashish muftasi disklari (friksiyaviy va kajavali);

5. o't oldirish svechalari va yuqori kuchlanish simlari;

6. dvigatelning osma agregatlarining yuritma tasmalari;

7. oynalar;

8. oyna tozalagichlar cho'tkalari;

9. faralar, chiroqlar va plafonlar lampalari;

10. saqlagichlar;

11. o't oldirish kontaktlari;

12. salniklar;

13. naylar va chiqish naylari;

14. rezina changlagichlar, g'iloflar va vtulkalar;

15. old va orqa oynaning oyna yuvish moslamasi forsunkalari;

16. dekorativ qalpoqlar va g'ildirak disklarining lak-bo'yoq qoplamasi;

17. ishlangan gazlarning katalitik neytralizatori.

 - Shikastlanish tashqi mexanik yoki kimyoviy ta'sir (masalan, avariya, hayvon yoki o'simlik materiallari, tuz, do'l, bo'ron, suv toshqini, yo'l shag'ali, qum, sanoat ifloslanishlarining ta'siri) tufayli yuzaga kelgan bo'lsa.

- Yuqorida sanab o'tilmagan, lekin bir-biriga o’xshash holatlarda. 

- O’tilgan masofani, ya’ni odometrda ko'rsatilayotgan bosib o'tilgan yo'l o'zgartirilgan bo'lsa, yoki avtomobilning haqiqiy o'tilgan yo'lini aniqlab bo'lmasa. 

8) Kafolat talabi huquqi 1-bandida ko'rsatilgan kafolat muddati tugaganidan keyin o'z kuchini yo'qotadi.

Agar avtomobilning egasi kafolat muddati davomida aniqlangan nosozlik haqida bildirgan holda, lekin bu nosozliklar kafolat muddatining oxirigacha bartaraf etilmagan bo'lsa, bildirilgan nosozliklar bo'yicha kafolat majburiyatlari avtomobilning asosiy kafolati muddati tugaganidan keyin olti oydan oshmagan muddatga uzaytiriladi. Ko'rsatilgan muddatda kafolat e’tirozini taqdim etish huquqini saqlab qolish uchun, diler «GM O'zbekiston» AJ bilan muammoni hal etishning barcha mumkin bo'lgan yo'llarini ishlab chiqishi lozim. Muddati o'tganidan keyin, ushbu talab diler javobgarligiga o'tadi.

9) Kafolat e’tirozlari, agar:

- Avtomobil egasi foydalanish qo'llanmasiga muvofiq avtomobildan to'g'ri foydalanish talablariga rioya qilsa;

- Servis kitobchasiga muvofiq barcha davriy texnik xizmat ko'rsatish amallari vakolatlangan diler tomonidan bajarilgan bo'lsa;

- Ta'mirlash va texnik xizmat ko'rsatish amallari servis kitobchasida qayd etilgan va tegishli buyurtma-naryadlar bilan tasdiqlangan bo'lsa;

- Avtomobil egasi avtomobilning texnik holatiga kerakli e'tibor bersa va nosozliklarni zudlik bilan bartaraf etish uchun choralarni ko'rsa;

- Avtomobil vakolatlangan dilerga ta'mirlash uchun topshirilsa o'z kuchiga ega bo'ladi.

10) Kafolat ta'mirlashni bajarishga majbur bo'lgan tomon, kafolat ta'mirlashni imkoni boricha qisqa muddatda bajarish uchun barcha choralarni ko'radi.

11) Kafolat majburiyatlari doirasida avtomobilning quyidagilar kabi asosiy agregatlari almashtirilganda:

- Dvigatel;

- Uzatmalar qutisi.

Almashtirilgan asosiy agregatlar uchun kafolat majburiyatlari butun yangi avtomobilning kafolat muddatining oxirigacha amal qiladi.

12) Vakolatlangan dilerning buyurtma-naryadlari kafolat davrida bajarilgan ta'mirlashni tasdiqlash uchun xizmat qiladi.

Bu hujjatlar servis kitobchasiga ilova qilinadi. Kafolat va oddiy ta'mirlashlar Servis kitobchasida aniq va to'liq qayd etilishi lozim.

13) Mazkur kafolat avtomobil egasining iqtisodiy yo'qotishlarini va qo'shimcha xarajatlarini qoplash uchun amal qilmaydi. Bunday xarajatlar quyidagi bandlarni o'z ichiga oladi, lekin ular bilan cheklanmaydi:

- Vaqtincha foydalana olmaslik;

- Avtomobildan foydalanish noqulayligini qoplash;

- Avtomobilni saqlash xarajatlari;

- Vaqtni yoki foydani yo'qotganligini qoplash;

- Avtomobilning ijarasi xarajatlari;

- yashash, ovqatlanish xarajatlari va boshqa yo'l xarajatlari.

 

 

_____________________________________________________________________________________

 

* Tabiiy turdagi yiyilish – atrof muhitning normal ta'siri yoki yiyilish natijasida detal (tarmoq yoki agregat) yaroqliligining kamayishidir. Detal (tarmoq yoki agregat) yiyilishi tezligi va xizmat qilish muddati, detaldan (tarmoq yoki agregatdan) foydalanish sharoitlariga va xususiyatlariga (yuklanishlar va ularning xususiyatlari, harorat va namligi, ekologik vaziyati va hokazo), shuningdek, detal yasalgan materialiga, Servis kitobchada va avtomobilning foydalanish qo'llanmasida bayon etilgan avtomobildan foydalanish qoidalari, shartlariga o'z vaqtida va to'liq rioya qilinishiga bog'liq bo'ladi.