logo
Orqaga k ro'yxatiga

«Labo» mini yuk avtomobilini seriyali ishlab chiqarish boshlandi

«GM Uzbekistan» AJ joriy yilning 27 iyulidan “Xorazm Avto” zavodida «Chevrolet Labo» avtomobilini seriyali tarzda ishlab chiqarishni boshladi.  Ushbu kichik o‘lchamdagi yuk mashinasini ishlab chiqarish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 17 noyabrdagi “O‘zbekistonning 2015 yilga mo‘ljallangan investitsiya dasturi to‘g‘risida”gi Qaroriga  asosan  o‘zlashtirildi. Loyihaning umumiy qiymati 5,9 mln dollarni tashkil qildi.

550 kg gacha yuk ko‘tarish imkoniyatiga ega «Chevrolet Labo» yuk avtomobili «Damas»ning ochiq bortli kuzovga ega modeli hisoblanadi hamda shahar va qishloq sharoitlarida qisqa masofalarga yuklarni yetkazib berishga mo‘ljallangan. «GM Uzbekistan» AJning Xorazmdagi zavodida yiliga bunday avtomobildan 5000 dona ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Avtomobil 38 ot kuchiga ega uch silindrli, sig‘imi 0,8 litr bo‘lgan  dvigatel va besh bosqichli mexanik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan. Ushbu avtomobil «GM Uzbekistan» AJ ning Xorazm viloyatidagi filialida ishlab chiqariladigan uchinchi model hisoblanadi. Shu kungacha bu zavodda «Damas» va «Orlando» avtomobillari ishlab chiqarilgan.

«GM Uzbekistan» AJ Andijon viloyatining Asaka shahrida joylashgan bo‘lib, «General Motors» (AQSH) korporatsiyasi va «O‘zavtosanoat» AK bilan 2008 yilning martida tashkil etilgan. Korxona aksiyalarining 75 foizi «O‘zavtosanoat» kompaniyasiga, 25 foizi esa «General Motors» ga tegishli.